Sat. Apr 27th, 2024

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, viloyat sektorlari rahbarlari, Qo‘qon shahri rasmiylari va jamoatchiligi vakillari ishtirok etdilar.

Aeroportni foydalanishga topshirish tadbiri, bortida Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligida vazirlik mutasaddilari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “Uzbekistan Airports” rasmiylari, jurnalistlar bilan Toshkent-Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha ATR 72-600 samolyotida amalga oshirilgan texnik reysni karnay-surnay sadolari ostida kutib olish bilan boshlandi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari natijasida Respublikamizda hududlar o‘rtasida avia, temir yo‘l va avtotransport qatnovlari tizimi jadal rivojlanib borayotgani, bu ichki va tashqi turizm salohiyatini yana-da oshirishda muhim omil bo‘layotgani, mamlakatimiz aeroportlarini 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi doirasida fuqarolar harakatchanligi, xalqaro aloqalar ko‘lamiga mos zamonaviy aeroportlar ko‘payib borayotganini qayd etdilar.

Joriy yil 1-apreldan boshlab ichki muntazam parvozlarni boshlash ko‘zda tutilgan Qo‘qon aeroportini yil yakuniga qadar xalqaro aeroport talablariga moslash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari aeroportning yo‘lovchi terminali bilan tanishdilar.

Qo‘qon aeroportining rekonstruksiya ishlari uchun jami 156 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi, bundan 40 mlrd. so‘m 100 kishiga mo‘ljallangan, umumiy foydalanish maydoni 900 kv.m. bo‘lgan yangi yo‘lovchi terminalining qurilishi uchun, 107 mlrd. so‘m uchish-qo‘nish yo‘lagini 2000 metrgacha uzaytirish uchun yo‘naltirildi.