Sun. Apr 28th, 2024

Shahar hokimligining Faollar zalida shu yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan, mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

 

 

 

Yig‘ilishda Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Aminjonov, Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, shahar prokurori, adliya kichik maslahatchisi Ulug‘bek Hamdamov, Qo‘qon shahar IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Muhiddin Jo‘raev, mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari, uchastka nozirlari, deputatlar, yoshlar va jamoat tashkilotlari, o‘quv muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

 

 

 

Shahar hokimi Marufjon Usmonov aholi osoyishtaligini ta’minlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirish, mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari roli va mavqeini yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida: shu yilning 18 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinganini ma’lum qildi. 

 

 

Yangi Farmon ushbu sohada tub burilish yasash, mahalla va davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi, yanada samarali bosqichga olib chiqish imkonini beradi. 


Farmonga muvofiq, har bir mahallada «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi.

 

 

Ushbu masala yuzasidan Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Aminjonov so‘zga chiqib, Qo‘qon shahar hokimligining tavsiyasiga binoan Mamadjonov Burxon Muxamedovich Qo‘qon shahar hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash shahar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tasdiqlanganini ma’lum qildi.

 

 

Бурхон Мамаджонов билдирилган ишонч учун миннатдорчилик изҳор этиб, маҳалла ва эл-юрт фаровонлиги учун сидқидилдан хизмат қилишини билдирди. 

 

 

Yig‘ilishda, shuningdek yangi tizimda mahalla fuqarolari yig‘inlari uchun yaratiladigan keng imkoniyatlar va ayni paytda oldinda turgan muhim vazifalar xususida fikr almashildi. 

 

 

 

Masalaga o‘z munosabatlarini bildirgan shahar prokurori, adliya kichik maslahatchisi Ulug‘bek Hamdamov, Qo‘qon shahar IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Muhiddin Jo‘raevlar ham mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari va mahalla tizimi xizmatchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.