Thu. May 23rd, 2024

Jamoa yuqori natijalarga erishishi uchun nima qilish kerak? Klub rahbariyati va futolchilarning qanday muammolari bor? Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov Qo‘qon-1912 jamoasining rahbarlari, o‘yinchilari, murabbiylari va fan klubi a’zolari bilan muzokaralar olib bordi.

 

 

“Har bir murabbiy oldiga navbatdagi mavsum ko‘rsatkichlarini maqsad qilib qo‘yadi, yosh futbolchilarni yetishtirib chiqarish, o‘rinbosarlar tayyorlash masalasi e’tibordan chetda qolib ketmoqda. Jamoa o‘zining doimiy tayyorgarlik bazasiga ega bo‘lishi kerak,” deb o‘z fikrini bildirdi jamoa Bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov.

 

 

Marufjon Usmonov ushbu masalani ko‘rib chiqishini bildirib, jamoa uchun mos bo‘lgan bino ajratish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi. Shahar hokimi o‘z navbatida jamoamiz o‘yinlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tib, fan klub faoliyati bilan qiziqdi.

 

 

“O‘tgan yili fan klub faoliyati uchun 30 mln. so‘m ajratilgan edi, joriy yilda mavsum boshlanmasidan 10 mln. so‘m o‘tkazib berishdi. Lekin bu yetarli emas albatta. Shuning uchun fan klub a’zoligi badalini joriy etish niyatidamiz,” dedi fan klub yetakchisi O‘lmasjon Sayfutdinov.

 

 

 

Shahar hokimi dunyoning yetakchi jamoalari va mamlakatimiz klublari tajribasiga asoslangan Qo‘qon-1912 jamoasi fan klubi loyihasi va harajatlar smetasini tayyorlab berishni taklif etdi. “Jamoa fan klubini eng ilg‘or jamoalar tajribasi asosida tashkil etamiz,” dedi Marufjon Usmonov. Ayni paytda jamoaga muhlislik qilish madaniyati, stadionda ozodalik va tartib qoidalariga amal qilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

 

Uchrashuvda jamoa muhlislari vakilining o‘yinlarni soat 18:00 dan 19:00 ga ko‘chirish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masala O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bilan muhokama etiladigan bo‘ldi.

 

 

 

Shahar hokimi Marufjon Usmonov jamoaning joriy mavsumga tayyorgarligi bilan ham qiziqdi. Jamoa o‘yinchilari Aleksandr Merzlyakov va Suxrob Berdievlar bu yilgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida jamoa bir martta ham mag‘lubiyatga uchramaganini ta’kidlab, joriy mavsumda yuqori natijalarga erishishlariga ishonch bildirdi.

 

 

Shahar hokimi ko‘rilgan masalalar yuzasidan uchrashuvda ishtirok etgan mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.