Mon. May 13th, 2024

Qishki mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha shahar shtabining yig‘ilishida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov mutasaddilarga ijtimoiy soha obyektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, obyektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.

Ma’lumot uchun: Qo‘qon shahri xududidagi 147 ta ijtimoiy soxa obyektlari (53 ta maktab, 56 ta bog‘cha, 29 ta tibbiyot, 9 ta madaniyat va sport obyektlarini) davlat xususiy sherikchilik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender o‘tkazilib, qurilish ishlariga 10,749 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bugungi kunda 92 ta obyektda (25 ta tibbiyot, 43 ta maktab, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasalari) jami 1,154 mlrd.so‘mlik modernizatsiya ishlari yakunlangan, 70 ta obyektda qurilish montaj ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlariga 46 nafar ishchilar jalb qilingan.

Marufjon Usmonov ijtimoiy soha obyektlarini mavsumga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallik bilan, sifatli qilib nihoyasiga yetkazish, aholining ichimlik suvi va tabiiy gazdan bo‘lgan debitorlik qarzini bartaraf etish, tabbiy gazdan noqonuniy foydalanayotgan tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga keskin choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Endilikda tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanishlar haqida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi.