Ekran o‘lchami:
Shrift o‘lchami:
Farg‘ona viloyatidagi kasbiy ta‘lim tashkilotlari, ish beruvchi korxona va muassasalar mas‘ullari ishtirokida “Dual ta‘limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Forumda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) loyihasi eksperti Kristian Xiris, viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi vakillari qatnashishdi. “Dual ta‘limda Germaniya tajribasi”, “Dual ta‘limni tashkil etishda korxonalarning o‘rni”, “Xususiy sektordagi ish beruvchilar hamda ta‘lim muassasalari integrasiyasi”, “Farg‘ona viloyatida dual ta‘limni tashkil etish imkoniyatlari” kabi mavzulardagi chiqishlar qizg‘in savol-javob hamda bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Ish beruvchi korxonalar hamda kasbiy ta‘lim tashkilotlari rahbarlari tomonidan dual ta‘limni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar, tashabbus va loyihalar ilgari surildi. Tizimda yuz ko‘rsatayotgan muammo va kamchiliklar tahlil qilindi. Ta‘kidlash kerakki, dual ta‘lim tizimi o‘quvchi-talabalarning ham o‘qib, ham ishlashi, tahsil jarayonida o‘quvchilarning qo‘shimcha daromad topishiga zamin yaratadi. Shuningdek, bu ishlab chiqarish korxonalari uchun malakali kadrlar tayyorlashda qo‘l keladi. Aniqroq aytilsa, ta‘lim muassasasida tahsil olayotgan, kasb-hunar o‘rganayotgan o‘quvchi-talabalar haftaning ma‘lum kunlarida muayyan yo‘nalish bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalariga borib, ish o‘rganadi, o‘z malakasini oshiradi, nazariy bilimlarini amaliyotida mustahkamlaydi. Bu esa yil sayin yangilanib borayotgan zamonaviy dastgoh va uskunalarda ishlay oladigan tayyor ishchi-xodimlarga talabni tezkor qondirish imkonini beradi. Forumda ishtirok etgan “So‘x-Oqtepa” irrigasiya tizimlari boshqarmasi, “Bahodir Log‘on”, “Fergana Oceana”, “Farg‘onaazot”, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi “Teamdress Holding GmbH” kabi yirik ish beruvchi korxonalar mutasaddilari dual ta‘limning afzalliklari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi. Farg‘ona viloyatida dual ta‘lim bo‘yicha 2025 yil yakuniga qadar 7 ming nafar o‘quvchini dual ta‘limga qamrab olish rejalashtirilgan. Joriy yilning uch oyida 44 ta texnikumda 35 ta mutaxassislik bo‘yicha 900 ga yaqin korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan, dual ta‘limda tahsil olayotgan o‘quvchilar soni 5700 nafarga etgan. Bundan tashqari, yana 16 ta texnikumda 210 ta ish beruvchi korxonalar bilan shartnoma tuzilib, 440 nafar o‘quvchi uchun ma‘lumotlar Oliy ta‘lim, fan va innovasiyalar vazirligiga taqdim etilgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!