Qo‘qon shahridagi “Xon Atlas” tikuvchilik ustaxonasida hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Mashxura Xaydarova o‘z faoliyatini bitta tikuv mashinasi bilan o‘z xonadonida boshlagan edi.
🧵 Yillar davomida faoliyati rivojlanib, hunarini ustoz-shogird an’analari asosida, ishsiz ayol-qizlarga o‘rgata boshladi.
Bugungi kunga kelib, ustoz hunarmandning ustaxonasidan mamlakatimizning turli hududlarida muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotgan yuzlab mohir chevarlar yetishib chiqdi.
Tikuvchilarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgani sababli Mashxuraxonning ustaxonasi doimo hunar o‘rganayotgan ayol-qizlar bilan gavjum.
Bu tabiiy, chunki Qo‘qon shahrida 2021 yil davomida hunarmandchilik sohasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar orasida tikuvchilik mahsulotlari qiymati va ushbu sohada eksport hajmi eng yuqori bo‘lgan.
2019 yildagi xalqaro hunarmandchilik festivalida faol ishtirok etgan hunarmand bu yili shogirdlarining ishlarini taqdim etish niyatida. Ayni paytda hunarmandchilik ustaxonasida to‘y va tantanalar uchun yangi ayollar liboslari dizaynini yaratish bo‘yicha ijodiy izlanishlar olib borilmoqda.