Sat. Apr 20th, 2024

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qo‘qon shahar hokimligi tomonidan harbiylar va ularning oila a’zolari uchun bayram talbiri tashkil etildi.

Tadbirga Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov ham tashrif buyurib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan qutladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni – mamlakatimiz prezidenti boshchiligida Milliy armiyamiz salohiyatini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar xususida so‘zlab berdi. “Mashaqqatli va fidokorona mehnatlaringiz uchun siz – sharafli kasb egalariga Qo‘qon shahri aholisi nomidan minnatdorchilik izxor etaman va Vatan himoyachilari kuni bilan chin yurakdan qutlayman” dedi shahar hokimi.

Shundan so‘ng Marufjon Usmonov 42090 harbiy qismi podpolkovnigi Zafar Jo‘raevni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan jangovar tayyorgarligi, harbiy xizmatda erishgan yutuqlari va fidoiyligi uchun shahar hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlab, esdalik sovg‘asini topshirdi.

Zafar Jo‘raev shahar hokimiga minnatdorchilik izhor etib, o‘z navbatida Marufjon Usmonovga Qo‘qon shahrida Vatan himoyachilari kuni bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etgani uchun harbiy qism ko‘mondonligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘asini tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirda bayram dasturxoni atrofida jam bo‘lgan qatnashchilar uchun kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.