Havo haroratining keskin pasayishi natijasida shahrimizga tabiiy gaz yetkazib beradigan taqsimlash stansiyalarida kirish bosimining pasayishi kuzatilmoqda.
Shuni inobatga olgan holda, viloyat gaz idorasining xabarnomasiga asosan shahrimizning ayrim ulgurji tabiiy gaz iste’molchilari, shu jumladan metan quyish shoxobchalari, vaqtinchalik chora-tadbir sifatida, cheklangan gaz yetkazib berish tartibiga o‘tkazilmoqda.
Buning natijasida, shahar tug‘ruqxonasi, Go‘daklar uyi, Mehribonlik uyi, 9 va 5-maxsus internatlar, 2, 3, 5, 27, 48, 53, 54, 55, 56, 57-mahallalarga yetkazib beriladigan gaz bosimini 2,8 atmosferadan 4 atmosferagacha ko‘tarishning imkoni bo‘ldi.
Ayni paytda shahrimizga kirib keladigan gaz bosimini ko‘tarish choralari ko‘rilmoqda.
Gaz ta’minoti cheklangan xonadonlar egalariga uylarini isitishda, xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda, alternativ energiya manbalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Qo‘qon shahar hokimligi matbuot xizmati.