Mon. May 13th, 2024

Qo‘qon universitetida “CLUB-2019” ilmiy va o‘quv to‘garaklar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada tyutorlar talabalarga yigirmaga yaqin klublarni taklif etdilar. Universitetda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbuslari keng joriy etilib, talabalarning darsdan so‘ng bo‘sh vaqtlari unumli va mazmunli o‘tishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratilmoqda.

Talabalar ingliz tilini o‘qish, yozish, qo‘shiq kuylash va kino ko‘rish orqali o‘rganish maqsadida turli to‘garaklarga a’zo bo‘lishdi. (Nafaqat talabalar, balki universitetning til o‘rganish istagidagi o‘qituvchi va xizmatchilari ham bu to‘garaklarga a’zo bo‘lib, bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar) Rus tili, badiiy o‘qish va ijod, raqs, futbol, mohir qo‘llar kabi to‘garaklar mashg‘ulotlariga ham yuzlab yoshlar ro‘yxatga yozilishdi. Iqtisod klubi, Al-Xorazmiy to‘garagidagi qiziqarli matematika, komp’yuter saboqlari va ilmiy tadqiqotlar klublari ham ko‘plab talabalarni o‘ziga jalb etdi.

Talaba Ismoilxon Akbarov tengdoshlari bilan o‘z bilimini bo‘lishish maqsadida to‘garak tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi va uning sa’y-harakatlari qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Universitet rahbariyati tomonidan barcha tyutorlar (to‘garaklar rahbarlari) va faollar Tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Talabalarni eng ko‘p o‘ziga jalb etgan birinchi 3 talikdan o‘rin olgan to‘garak rahbarlariga esa alohida esdalik sovg‘alari topshirildi.

“CLUB-2019” ilmiy va o‘quv to‘garaklar yarmarkasi talabalar hayotida o‘ziga xos qiziqarli burilish yasadi.