Fri. Mar 29th, 2024

Konstitutsiyada ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning eng umumiy normalari qayd etiladi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham inson huquqlari hamda ularning himoya qilinishiga oid umumiy qoidalar belgilab qo`yilgan.

Xususan, Konstitutsiyaning VII–X boblari shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy huquqlar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar,  inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlariga doir eng muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni qamrab olgan. Ushbu huquq va erkinliklar hamda ularning kafolatlarini bilib olish har bir shaxsning kundalik hayotida juda muhim rol o`ynaydi.

Shuningdek, konstitutsiyaning 24-moddasida yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani, inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatligi qayd etilgan. Bundan ko`rinadiki, yashash huquqidan hech kim mahrum qila olmaydi. Ushbu huquqdan mahrum qilish yoki mahrum qilishga urinish jinoyat kodeksining tegishli normalari bilan jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.

25-moddaga ko`ra, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Yuqoridagi qoidadan ma’lum bo`ladiki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham qonuniy asosi bo`lmasa, hech bir shaxsni hibsda yoki qamoqda saqlab tura olmaydi. Hibsda yoki qamoqda saqlab turish uchun qonuniy asoslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 18242—248 va 558-moddalarida qayd etilgan.

26-moddada hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan. Ushbu normaning ijrosini musthaklamash uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasida sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shartligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi alohida belgilab qo`yilgan.

Shuningdek, Konstitutsiya quyidagi shaxsiy huquq va erkinliklar:

  • Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega;
  • Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas;
  • O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir;
  • Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir;
  • Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin;
  • O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim;

Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi – deb belgilab qo’yilgan.

Qo’qon shahar adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi – O.Meliqo’ziyev