O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qo‘qon shahridagi 11-sonli oilaviy poliklinikaga 150 qatnovga mo‘ljallangan 2 qavatli zamonaviy bino qurib bitkazilib, bugun tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi.
Tibbiyot maskanining ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, barcha tizim xodimlarini kirib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami bilan samimiy tabrikladi. Keyingi yillarda mamlakatimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘layotganini qayd etgan viloyat hokimi, profilaktik tibbiyotning ahamiyatiga, kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish muhim ekanligiga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng ramziy tasma qirqilib, yangi tibbiyot maskanida aholiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Investisiya dasturi asosida 4,3 milliard so‘m qiymatga teng bo‘lgan yangi 2 qavatli binoda UZI, EKG, bioximik analizator, oksigenator, lor-kombayn va boshqa tibbiy diagnostika vositalari mavjud bo‘lib, 21 ming nafardan ziyod aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi.