Sat. Jul 20th, 2024

Qo‘qon shahar hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi shahar bo‘limi, “Tadbirkor ayol uyushmasi”, Xalq banki Qo‘qon filiali hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ishsiz ayollar tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lmoqdalar.

 

Loyihaning birinchi bosqichida ayol-qizlar tadbirkorlik borasidagi asosiy tushunchalar, harakat va mehnat evaziga muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha motivasion g‘oyalar bilan tanishtirilmoqda. 2021 yilning boshidan beri 300 nafardan ziyod ishtirokchilar tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini uyg‘otishga qaratilgan shunday uchrashuvlarga jalb etildi.

 

Keyingi bosqichda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni qat’iy niyat qilgan ayol-qizlar seminar treninglarda ishtirok etib, tadbirkorlik sohasida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Treninglarni muvaffaqiyatli yakunlab, tadbirkor sifatida davlat ro‘yhatidan o‘tgan ayollarga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

 

2021 yil, 8 yanvardagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi huqumatimiz qaroriga asosan Xalq banki tomonidan tadbirkor ayollarga doimiy qo‘mak ko‘rsatib borishi belgilangan.