Thu. Mar 28th, 2024

O‘zbekistoning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan «Bestian Hospital» klinikasi rahbari Shin Xyon Gyong va Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Nizomiddin Mirzaev o‘rtasida videokonferensiya shaklida muloqot tashkil etildi.

 

Muzokaralarda Qo‘qon shahrida viloyatimizda tibbiyot sohasi xizmatlari sifatini yaxshilash va zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadigan, yangi zamonaviy bolalar tibiiyot markazini barpo etish istiqbollari muhokama etildi.

 

Muhokamalarda ushbu loyihaning asosiy hamkorlari hisoblanayotgan Yonsey universitetining jamiyat salomatligi Oliy maktabi va «Fine Health Care» klinikasi vakillari ham ishtirok etdilar.

 

Nizomiddin Mirzaev ushbu markazning tashkil etilishi nafaqat Farg‘ona viloyati, balki Tojikiston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni mamlakatlar aholisi uchun ham sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi.

 

Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash muassasalarining bolalar va kattalar uchun tibbiyot markazlarini tashkil etishdagi boy tajribasi va shu kabi loyihalarning O‘zbekistonning boshqa hududlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini hisobga olgan holda, loyihani moliyalashtirish va tezkorlik bilan ishga tushirish masalalarini birgalikda hal etishni taklif etdi.

 

Janubiy Koreyaliklar loyihaga o‘z qiziqisharini bildirib, Qo‘qon shahri va atrof hududlardagi sog‘liqni saqlash tizimini o‘rganish va tahlil qilishlari lozimligini ta’kidlab o‘tdilar. Ushbu loyihaga nafaqat Yensey universiteti, balki boshqa tibbiyot muassasalarini ham jalb etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

Muzokaralar natijasida, Yonsey universitetining jamiyat salomatligi Oliy maktabi va Qo‘qon Bolalar shifoxonasi o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish borasidagi memorandum imzolanishiga kelishib olindi.