Welcome to Qo‘qon shahar hokimligining rasmiy veb sayti   Click to listen highlighted text! Welcome to Qo‘qon shahar hokimligining rasmiy veb sayti
Thu. Nov 7th, 2024

Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Qo‘qon aeroporti faoliyati bilan ham tanishib, mutasaddilarga Qo‘qondan voha shaharlariga ham aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilab bergan edi. Ushbu ko‘rsatmalar ijrosi doirasida bugundan Qo‘qon shahridan Buxoroga aviaqatnovlar amalga oshirila boshladi.

Ikki shaharlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik rishtalarini mustahkamlash maqsadida Qo‘qon shahrining mutasaddi rahbarlari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, bloger va inflyuyenserlardan iborat delegatsiya Qo‘qon-Buxoro yo‘nalishidagi birinchi reysda parvoz qildi.

Silk-Avia aviakompaniyasining ATR 72 samolyotida ikki dovon osha 1 soatu 20 daqiqa davom etgan parvoz davomida delegatsiya bulutlar ichra noyob manzaralar, ekipaj komandiri Taras Shelest boshchiligidagi ekipaj a’zolarining yuqori mahorati va shirin muomalasidan bahramand bo‘ldilar.

Buxoro xalqaro aeroportida hamshaharlarimizni Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari yuqori saviyada kutib oldilar. Ikki qadimiy shahar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini namoyon etuvchi ramziy sovg‘alar topshirilganidan so‘ng o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish masalalarida fikr almashildi. Muzokaralar chog‘ida Buxoro shahri delegatsiyasi Qo‘qon shahriga taklif etildi va tez orada ushbu tashrifni amalga oshirishga kelishib olindi.

Shu kuni shahrimiz delegatsiyasi tashrif buyurgan samolyotida Qo‘qon shahriga qaytib keldi. Shu bilan Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tiklangan Qo‘qon shahri aviatsiyasi tarixida yana bir yangi sahifa ochildi va yana bir yo‘nalishda Qo‘qon va Buxoro aholisi, xorijiy sayyohlar yuqori sifatli va tezkor fuqarolik aviatsiyasi xizmatlaridan foydalanishlari uchun sharoit yaratildi.

Click to listen highlighted text!