Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Asosiy e’tibor mahalladagi mutasaddilar faoliyati samaradorligini oshirish, aholini ijtimoiy muammolarini hal etish, mahallalardagi muhitni yaxshilash masalalariga qaratilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan, bir-biriga tutash 40-“Nurafshon” va 31-“Islomobod mahallalari fuqarolari uchun konsert va kinofil’m namoyishi o‘tkazildi.
Iqtidorli san’atkorlar va suxandonlar tomonidan yuqori saviyada, aholi bilan interaktiv muloqot ko‘rinishida o‘tkazilgan badiiy dastur, fuqarolarga ko‘tarinki kayfiyat bahshida etib, qiziqarli uslubda ma’naviy hordiq chiqarishga imkon berdi.
Vatanparvar qo‘shiqlar, raqs va tomoshalar hamda viktorinalar uyg‘unlashgan ajoyib bir shou namoyishiga aylandi va barcha yoshdagi aholi qalbida ezgulik, bunyodkorlik kabi tuyg‘ularni uyg‘otdi.