Qo‘qondagi bolalar shifoxonasida “Indorama” kompaniyasi homiyligida rekonstruksiya qilingan 50 o‘rinli bo‘lim foydalanishga topshirildi.
Bugun Qo‘qon shahridagi bolalar shifoxonasida “Indorama” xorijiy korxonasi tomonidan homiylik asosida rekonstruksiya qilib berilgan 50 o‘rinli nevrologiya va erta tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limi binosini foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, “Indorama” korxonasi rahbarlari, viloyat sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari ishtirok etdilar.
“Indorama” korxonasi tomonidan o‘tgan yili boshlangan homiylik tashabbusi doirasida Qo‘qon shahridagi bolalar shifoxonasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bo‘lgan ushbu bino ta’mirlanishiga 2 milliard 465 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ikkinchi bosqichda xorijiy korxona tomonidan ikkita stasionar binoni ta’mirlanishi rejalashtirilmoqda.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bolalar salomatligi tibbiyot sohasidagi eng dolzarb masalalardan biri ekanini ta’kidlab, “Indorama” rahbarlariga ushbu ezgu tashabbus uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Indorama” rahbariyati vakili Sandip Bura mamlakatimizda yaratilgan qulay investision muhitda samarali ish olib borayotganliklaridan mamnun ekanliklarini aytib, ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini qayd etdi.
Respublikamizga eng ko‘p sarmoya kiritgan xorijiy hamkorlardan biri bo‘lgan Singapurning “Indorama” kompaniyasi viloyatimizda “Indorama Kokand Textile” hamda “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonalarini tashkil etgan.