Sat. Jun 22nd, 2024

Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, sektorlar rahbarlari, shahrimizdagi idora, tashkilot va korxonalar, mahalla tizimi mutasaddilari, jamoat tashkilotlari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ko‘chat yarmarkasida Qo‘qon shahri mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining shahrimiz aholisiga murojaatini o‘qib eshittirdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan daraxt ekish, yashil hududlarni ko‘paytirish katta harakatga aylanmoqda. Bu mavsumda 85 million tup ko‘chat o‘tqazilishi mo‘ljallangan. O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan ko‘chat bepul yetkazib beriladi.

Joriy yilning bahor mavsumida “Yashil makon” loyihasi doirasida shahrimiz bo‘ylab jami 476 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, kuz mavsumida 326 ming dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekish belgilangan.

Qo‘qon shahar hokimi “Ozodlik” hiyoboni yonidagi maydonni shahrimiz aholisiga “Bepul ko‘chat yetkazib berish makoni” deb e’lon qildi.

Yarmarkani tantanali ochilish marosimida, shuningdek, nuroniylar, yoshlar va mahalla tizimi mutasaddilari barchani aksiyada faol ishtirok etishga chaqirdilar.

Nuroniylar duoga qo‘l ochib, “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oya ostida o‘tkazilayotgan aksiyalarga Yaratgandan qut-baraka tilab niyat qildilar.