Thu. Jul 25th, 2024

Qo‘qon shahrida yangi investision loyihalar ishga tushmoqda

Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, sektorlar rahbarlari hamrohligida “Indorama feritilizers and chemicals” korxonasida yangi loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

“Qo‘qon superfosfat zavodi” faoliyatini diversifikatsiya qilish maqsadida 2019-yilda uning aksiyalari “Indorama Corporation” kompaniyasiga sotilib, bu yerda keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Ispaniya, AQSh, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Xitoy davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Natijada mineral o‘g‘it ishlab chiqarish quvvati yiliga 75 000 tonnadan 350 000 tonnaga yetkazildi.

Umumiy qiymati 70 million dollar bo‘lgan ikki bosqichli investitsiya dasturining birinchi bosqichi doirasida superfosfat ishlab chiqarish tarmog‘i ishga tushirildi. 500 kishi ish bilan ta’minlanib, ishlab chiqarish quvvati besh barobarga oshirildi. 2021-yilda superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral o‘g‘itlar, azot-fosfor-kaliylik mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi liniyalar ishlay boshladi.

Ayni kunlarda 40 million dollar miqdoridagi investitsiya hisobiga ikkinchi bosqich loyihasi doirasida yangi liniyalarni qurish ishlari olib borilmoqda. Natijad100dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yiliga 24 million dollarlik uch turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bo‘ladi.

Marufjon Usmonov korxona rahbariyati bilan muloqotda bo‘lib, yangi loyihalarni ishga tushirish uchun shahar hukumati tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilishini ta’kidlab o‘tdi.