Sat. Jun 22nd, 2024

Ta’lim sohasi fidoiylari, mahalla tizimi mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan forumda Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov shahrimizda o‘tgan o‘quv yilida ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xususida batafsil ma’lumot berib, Qo‘qon shahrida ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.

 

Maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlar doirasida Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 200 million so‘m, maktablardagi kommunal muammolarni hal etish va joriy ta’mirlash ishlariga 500 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

 

Marufjon Usmonov mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi rolini oshirish, ta’lim samaradorligini yuqori darajaga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 

Shahrimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni amaliyotga joriy etish, o‘quvchilarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishdagi tashabbuskorligi va fidoyiligi uchun bir qator ustoz-murabbiylar Qo‘qon shahar hokimligining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

Tantanali tadbirda mahalla tizimidagi samarali faoliyati va fidokorona mehnatlari bilan o‘rnak bo‘layotgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, uchastka nozirlari va xotin-qizlar faollariga ham Qo‘qon shahar hokimligining Faxriy yorliqlari topshirildi.

 

Bayramona bezatilgan dasturxon atrofida to‘plangan ishtirokchilar uchun badiiy dastur namoyish etilib, ko‘tarinki kayfiyat bahshida etildi.