Birlashgan Millatlar tashkiloti kontr-terrorizm markazining ma’lumotlariga ko‘ra terrorizm dunyodagi turli mamlakatlardagi yoshlarni o‘z og‘ushiga tortib kelmoqda va ushbu masala insoniyatni o‘ylantirib kelayotgan global muammo.
Qo‘qon davlat pedagogika institutida talabalar va ustozlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, imom xatiblar, otinoyilar ishtirokida o‘tkazilgan seminarda butun jahonda dolzarb bo‘lib turgan ushbu muammo bilan bog‘liq O‘zbekistonda mavjud xavf-xatarlar, radikal, ekstremistik tashkilotlarning asl maqsadi tahlil etilib, ularga qarshi kurash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va maslahatlar berildi.
Tadbirda ishtirok etgan Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov mamlakatimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan tinchlikparvar va xalqparvar siyosat, yoshlarning salohiyatlarini namoyon etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar xususda fikr yuritdi.
Jaholatga qarshi ma’rifat mavzusidagi ko‘rgazmada yoshlar mamlakatimiz tasviriy san’at ustalarining terrorizm va ekstremizmga qarshi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi galereya bilan tanishib, seminar davomida olg‘a surilgan g‘oyalarni vizual darajada tasavvur etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.