Sun. May 19th, 2024

O‘zbekiston madhiyasi, sportchilarning saf tortishi va qiziqarli lazer shousi bilan boshlangan musobaqalarda Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov va sektorlar rahbarlari ham ishtirok etdilar.

Shahar hokimi musobaqa ishtirokchilarini qutlab, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ayniqsa yoshlarni sportga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

Murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan musobaqaning final bosqichida mamlakatimizning turli hududlari va qo‘shni davlatlardan kelgan yosh sportchilar qatnashdilar.

Taqdirlash marosimida Qo‘qon shahar hokimi va sektorlar rahbarlari g‘oliblarga medallar va esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdilar.

Musobaqani tashkil etish va greppling sport turini targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun Marufjon Usmonov O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasining chempionlik kamari bilan taqdirlandi.

Musobaqada ushbu sport turida ko‘plab yetakchi sportchilarni tarbiyalagan, va o‘zi ham xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiy, jaxon chempioni Dilshodjon Mirzaxadjayevning ham ushbu sport turi rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissasi e’tirof etildi.

Mamlakatimizda nisbatan yangi bo‘lgan ushbu sport turi bo‘yicha “Sport bu madaniyat” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqalarni yuzlab tomoshabinlar katta qiziqish bilan kuzatib bordilar.