Thu. Apr 25th, 2024

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining oltinchi chaqiriq, XXVI sessiyasida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, shahar hokimining o‘rinbosarlari, Qo‘qon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari rahbarlari, shahar Kengashi deputatlari, sessiyadagi masalalarga aloqador idoralar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.

 

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil, 6 noyabrdagi (PF-6108) «O‘zbekistonning yangi rivojlanish davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan Qo‘qon shahridagi 3, 7, 10, 12, 19, 20, 25, 27, 28, 41-maktablariga direktorlikka nomzodlarning 3 yillik dasturlari ko‘rib chiqildi.

 

Kun tartibidagi masala yuzasidan Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov o‘z munosabatini bildirib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan Farmon, ta’lim-tarbiya sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamiyatimizni demokratlashtirish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish va pirovard natijada, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

 

Shundan so‘ng sessiyada Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan maktab direktorlari lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlarning 3 yillik dasturlari deputatlar tomonidan tinglandi. Deputatalar nomzodlarni baholab borib, ular bilan savol-javob qildilar. Nomzodlarning chiqishlari Qo‘qon shahar hokimligining Feysbukdagi rasmiy sahifacida jonli efirda uzatilib, keng jamoatchilik tomonidan ham muhokama etildi.

 

Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablarning bo‘sh turgan direktor lavozimlariga nomzodlarning dasturlarini ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, deputatlar tomonidan
7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Madaminova Ziyoda Sayitqulovna:

10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Mirmaqsudov Mirhamid G‘anievich:

19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Sharopova Zohida Sulaymonovna:

27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga To‘xtaboeva Feruza Hasanboevna:

28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Rahimberdieva Mahfuza Murotovna:

41-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Umerov Eskander Azizovich tavsiya etildi.

 

 

Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Dilfuzaxon Alimovaga nomzodlari deputatlar tomonidan ma’qullanmagan 3, 12, 20, 25 maktablarning direktorlik lavozimlariga qaytadan tanlov tashkil etish vazifasi yuklatildi.

 

Sessiyada shuningdek “Temir daftar”larga kiritilgan ayollarni ijtimoiy ro‘yxatlardan chiqarish masalasi ham ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullandi. 4 ta sektor hududida bu borada olib borilgan va davom etayotgan tizimli ishlar xususida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonovning hisoboti tinglandi.

 

Deputatlar tomonidan “Obod mahalla” davlat dasturiga tushgan 51-“Zilol” va 62-“Shikorbegi mahallalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

 

Sessiyada ko‘tarilgan masalalar yuzasidan deputatlarning fikr-mulohazalari tinglandi.

Sessiyada ko‘rilgan masalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.