Wed. Jun 26th, 2024

“Turkiston Turkiy Kengash davlatlarining turizm poytaxti” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro forum doirasida o‘tkazilgan muloqot chog‘ida Marufjon Usmonov Nurbol Turashbekov bilan ikki shaharlar o‘rtasida turizm va madaniyat sohalarida aloqalarni rivojlantirish, turizmda raqamli texnologiyalarni joriy etish, turizm sohasida o‘zaro manfaatli investision loyihalarni amalga oshirish, Turkiston shahridan Qo‘qon shahriga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama etdi.

Ma’lumki, 2022-yilda Qo‘qon shahri Turkiy Kengash mamlakatlarining turizm poytaxti deb e’lon qilingan edi, endilikda ushbu mavqega Qozog‘istoning Turkiston shahri ega bo‘ldi. Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov shu munosabat bilan Nurbol Turashbekovni muborakbod etib, Turkiston shahrining bu mavqe’ga ega bo‘lishi bu yerda turizm va boshqa sohalar yana-da rivojlanishiga sabab bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Turkiston shahar hokimi Nurbol Turashbekov Qo‘qon shahri bilan bu borada tajriba almashish, Qo‘qonda ushbu munosabat bilan turli sohalarda tashkil etilgan tadbirlar, turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tajribasini o‘rganish istagini bildirdi.