Sat. Apr 27th, 2024

1. Quyidagilar shahar hokimining asosiy vazifalari hisoblanadi:
shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi aloqalarni, aholini shaharni boshqarishga jalb etishni ta’minlaydi;

Qonunlarning hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining, Qo‘qon shahar hokimining qaror va farmoyishlari, yuqori turuvchi organlar va xalq deputatlari shahar Kengashlari qarorlarining ijrosini tashkil etadi;

o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida tegishli hududdagi barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlarni qabul qiladi;

jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda tegishli ishlarni tashkil etadi;

aholini qabul qilishni tashkil etadi, fuqarolarning shikoyatlari, arizalari va takliflarini qarab chiqadi, shaharda tashkil etilgan “Xalq qabulxonasi” ning faoliyat ko‘rsatishiga har tomonlama ko‘maklashadi va ular tomonidan tashkil etiladigan qabullarda ishtirok etadi;

shaharni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, shahar byudjetining asosiy ko‘rsatkichlarini va ularning ijrosiga doir hisobotlarni xalq deputatlari shahar Kengashining sessiyasi tasdig‘iga taqdim etadi;

Farg‘ona viloyati hokimi bilan kelishilgan holda shahar hokimining o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi. Ushbu masalaga doir qabul qilgan qarorlarini Xalq deputatlari shahar Kengashining tasdig‘iga kiritadi;

hokimlik devoni bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

berilgan vakolatlari doirasida shahar tashkilotlari rahbarlarini tayinlaydi va amaldagi tartibga asosan shahar Kengashi tasdig‘iga kiritadi. Shuningdek, tegishli boshqarma, bo‘lim, korxona va tashkilotlar rahbarlarini tayinlash bo‘yicha ularning shahar idoralariga takliflar kiritadi;

rahbarlari Xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijroiya hokimiyati struktura bo‘linmalarining ishini nazorat qiladi;

Xalq deputatlari shahar Kengashi va shahar hokimi qabul qilgan va chiqargan hujjatlarni bajarmaganliklari uchun mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida Qonunda belgilangan tartibda taqdimnoma kiritadi;

Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi va takliflar kiritadi;
respublika va xorijda shaharning rasmiy vakili sifatida ish ko‘radi;

o‘ziga berilgan vakolatlari doirasida umum manfaatini ifodalovchi tadbirlar o‘tkazish, qo‘shma korxonalar, xo‘jalik tashkilotlari tuzish uchun, turli tarmoqlar va boshqaruv sohalaridagi faoliyatlarni uyg‘unlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi boshqa shaharlari va tumanlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan shartnomalar asosida o‘zaro munosabatlar o‘rnatadi;

shahardagi mahalliy davlat hokimiyati ijroiya organlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, Oliy Majlis palatalari qarorlarini, Prezident Farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, shuningdek, xalq deputatlari shahar Kengashining hamda shahar hokimining qarorlari va farmoyishlarini bajarish bo‘yicha faoliyatlarini nazorat qiladi;

zaruriyatga qarab, ammo bir yilda kamida 2-marta xalq deputatlari shahar Kengashining sessiyasini chaqiradi, sessiyani olib boradi, kun tartibiga kiritiladigan masalalarni taklif qiladi, uning hujjatlariga imzo chekib, tasdiqlaydi;

olib borayotgan ishlari va rahbarlik qilayotgan boshqaruv organlarining faoliyati haqida yilda bir marta xalq deputatlari shahar Kengashiga axborot beradi;
shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlari, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar idoralari bilan hamkorlikda ish olib boradi;

yangi texnologiyalar va texnikalarni joriy qilish orqali iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, bunda yangiliklarni o‘zlashtirishga yuqori darajadagi qobiliyatli ilmiy va intellektual salohiyatdan samarali foydalanish choralarini ko‘radi;

davlat strategik va safarbarlik zahiralarini shakllantirishni, shu jumladan, ularni to‘plash, saqlash va yangilab borishni, shuningdek, davlat strategik va safarbarlik zahiralaridan belgilangan tartibda tezkorlik bilan foydalanishga doimiy tayyor bo‘lishni ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi;

hokim rejalashtirish, byudjet, moliya, hisob-kitob, shahar mulkini boshqarish, mulkchilikning turli shakliga mansub korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan hamjihatlik qilish, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yo‘l xo‘jaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat ko‘rsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylik, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlarida o‘z vakolatiga berilgan boshqa masalalarni ham hal etadi;

shahar hokimi o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan hujjatlar shahar hududida joylashgan barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.

2. Shahar hokimi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladigan hududiy komissiyalar va kengashlarga raislik qiladi.

3. Qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida quyidagi shahar tashkilotlari bilan jamoat tartibiga rioya etishni, fuqarolar xavfsizligini, ularning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish borasida muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi:

Davlat xavfsizlik xizmati shahar bo‘limi;
shahar prokuraturasi;

Bosh prokuratura huzuridagi departament shahar bo‘limi;

shahar ichki ishlar boshqarmasi (Yong‘inga qarshi kurash, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari);

jinoyat, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar shahar sudlari;

shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi;

shahar mudofaa ishlari bo‘limi;

shahar Adliya bo‘limi;

shahar bojxona xizmati bo‘limi;

shaharda joylashgan xarbiy qismlar;

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining shahar bo‘limi.