Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov Charxiy ko‘chasidagi savdo shoxobchalarida tartibli va qonuniy faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus tadbir doirasida ushbu hududdagi ko‘p qavatli uylarda yashaydigan fuqarolarning murojaatini ham ko‘rib chiqdi.
Xususan katta yo‘l bo‘yida axlat tashlanayotgani aniqlanib, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi, “Toza hudud” DUK mutasaddilariga hamda mahalla mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Hudud obodonlashtirilib, bu yerga paynet shoxobchasi o‘rnatiladigan bo‘ldi. Tadbirkor ushbu hudud obodonchiligini o‘z zimmasiga oldi.
Ko‘pqavatli uylar hududidagi tashlandiq joylarni obodonlashtirish, tungi yoritish tizimlari va nazorat kameralarini o‘rnatish, ichki ishlar va Milliy gvardiya nazoratiga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Charxiy ko‘chasidagi katta yo‘lning ko‘p qavatli uylar hududidan o‘tgan qismidagi piyodalar yo‘lagiga, sun’iy notekislik o‘rnatiladigan bo‘ldi.