“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Qo‘qon shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Abdullaev Qobiljon Abdujambulovichning hisoboti.
Tadbirkorlik sub’ektlarining soliq yukini kamaytirish va biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 28 iyundagi PF-162-son farmoni bilan soliq ma’muriyatchiligiga qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, 2022 yil 1 iyuldan foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash bekor qilindi. Shuningdek, QQS ma’muriyatchiligi soddalashtirib, majburiy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga QQS guvohnomasi soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan avtomatik ravishda berilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, yuqoridagi farmon bilan 2023 yil 1 martga qadar hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlar (xizmatlar) identifikasiya kodlari (MXIK)ni noto‘g‘ri aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yildi.
Albatta, bu kabi o‘zgarishlar tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shu o‘rinda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida Qo‘qon shahar DSI xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Ayni paytda muntazam ravishda tadbirkorlar bilan turli ochiq muloqot va uchrashuvlar tashkil etilmoqda, muammolar o‘rganilib ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun muhim bo‘lgan qator yo‘nalishlarni belgilab olgan holda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Xususan, 2022 yil yanvar-avgust oylarida Qo‘qon shahar DSI tomonidan 3452 ta tadbirkorlik sub’ektlarini qiynayotgan muammolar o‘rganildi. Mazkur jarayon davomida ko‘maklashish zarur bo‘lgan 648 ta tadbirkorlik sub’ektlariga dastlabki buxgalteriyasini yuritish, qulay soliq rejimini tanlash, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish, ortiqcha QQS to‘lovlarini qaytarish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Biz, soliq idoralari xodimlari tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlashga, soliq qonunchiligiga oid zarur yordam ko‘rsatishga hamisha tayyormiz. Tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan 73 542 10 12 (Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sho‘’basi) raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.