Fri. May 24th, 2024

Prezidentimizning “Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori muhokamaga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sohada xalqaro standartlar asosida oliy ma’lumotli yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘mon Sultonligining Atyab International Services kompaniyasi muassisligida “Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi Xalqaro instituti” (keyingi o‘rinlarda – instituti) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, deyiladi Qaror loyihasida.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari sifatida belgilandi:

  • respublikaning iqtisodiyoti va agrar sektorini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal qila oladigan, xalqaro ta’lim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
  • o‘quv jarayonini tashkillashtirishga xorijiy tajriba, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasion texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayoniga malakali chet ellik va xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan, malakasini oshirgan xalqaro tajribaga ega mahalliy mutaxassislarni jalb qilish;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorini rivojlantirish uchun jahon miqyosida raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida mukammal texnologlar, olimlar va biznes rahbarlarini yetishtirish;
  • yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;
  • oziq-ovqat texnologiyasi sohasida amaliy va innovasion tadqiqotlar hamda zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

    Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahri, Movarounnaxr ko‘chasi 92-uyda joylashgan Qo‘qon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar texnikumining bino va inshootlari hamda unga tutash hudud operativ boshqaruv huquqi bilan bepul foydalani uchun belgilangan tartibda institutga beriladi.