Shu kunga qadar Toshkent-Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishida 19 ta yo‘lovchi sig‘dira oladigan L4100 samolyotlari xizmat ko‘rsatayotgan edi. Aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganidan beri aviareyslarga talab shu darajada yuqori ediki chiptalar bir necha kun oldin sotib bo‘linayotgan edi.
Bir necha kun oldin Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi doirasida davlatimiz rahbari Qo‘qon aeroporti bilan tanishar ekan aviaqatnovlar va ichki yo‘nalishlardagi reyslar sonini oshirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab bergan edi.
Oradan bir necha kun o‘tmasdanoq Qo‘qon aeroportida 70 tagacha yo‘lovchi tashiy oladigan ATR72 samoletlari Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishida xizmat ko‘rsatishni boshladi.
To‘g‘ri, ushbu rusumdagi samolyot Qo‘qon shahriga amalga oshirilgan birinchi texnik reysda aeroportimizga kelib qo‘ngan edi biroq doimiy aviaqatnovlarda boshqa kichik samolyotlar xizmat ko‘rsatayotgan edi.
Qo‘qon shahar hokimligi mutasaddilari xalqimiz uchun yaratilgan ushbu qulaylik uchun minnatdorlik ramzi sifatida yangi turdagi samolyotda birinchi reysda parvoz etgan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini katta tantanalar bilan kutib oldilar.
Qo‘qon aeroporti har qanday mahalliy reyslarni qabul qila olishi uchun uchish qo‘nish yo‘lagida tunggi yoritish chiroqlari, flyuger va zamonaviy radiolokatsiya uskunalari o‘rnatildi. Natijada yo‘lovchilar har tomonlama qulay bo‘lgan, avvalgi samolyotlarga nisbatan ko‘proq sig‘imli samolyotlarda parvoz etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
O‘tgan vaqt ichida Qo‘qon aeroportidan ja’mi 117 ta aviareys amalga oshirildi va 2782 nafar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatildi. Yangi turdagi samolyotlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi shahrimizda aviatsiya xizmatlaridan foydalanayotgan fuqarolar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
Bir necha oy avval ham aeroport Qo‘qon aholisi uchun shunchaki orzu edi juda qisqa vaqt ichida davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Qo‘qon shahri va atrof tumanlarda istiqomat qiladigan fuqarolarning azaliy orzo‘lari ro‘yobga chiqdi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida Qo‘qon shahrini yana-da rivojlantirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari yangilanayotgan O‘zbekistonda yangi Qo‘qon qiyofasi yana-da ko‘rkam, xalqimiz hayoti yana-da sermazmun va barokatli bo‘lishiga ishonch bag‘ishlaydi va biz bu maqsadlarga birgalikda, hamyurtlarimizning fidokorona mehnatlari bilan albatta erishamiz.