Qo‘qon shahri hokimi Ma’rufjon Usmonov Janubiy Koreya – O‘zbekiston biznes assosiasiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon boshchiligidagi delegasiya a’zolari bilan uchrashdi.
Janubiy Koreya delegasiyasining tashrifi O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan.
Uchrashuvda Qo‘qon shahrida Janubiy Koreya tajribasi asosida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy infratuzilmani o‘z ichiga olgan “Hanshin Park City” majmuasi bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Loyiha “Hanshin Engineering & Construction”, “Plus International” va “Eurasia Networks Group” kabi yetakchi qurilish kompaniyalari ishtirokidagi konsorsium tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ushbu majmua doirasida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy xonadonlarning namunasi barpo etildi va mahalliy aholi e’tiboriga taqdim etildi. Hozirgi paytda qurilish ishlari faol ravishda davom ettirilmoqda va loyiha bo‘yicha barcha ishlar 2025 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.
Kim Chang Keon ushbu majmua O‘zbekistonda xorijiy hamkor tomonidan eng yirik uy-joy qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha ekanini ta’kidlar ekan, u Janubiy Koreya – O‘zbekiston biznes assosiasiyasi va O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etdi. Ushbu loyiha doirasida mahalliy aholi uchun ekologik toza qurilish materiallaridan 5 ming 170 ta zamonaviy xonadonni barpo etish ko‘zda tutilgan.
Tomonlar ushbu loyiha O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlik va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik timsoli bo‘lib qolishini alohida e’tirof etdi.