Mon. May 13th, 2024

 

 

Bugungi kunga qadar shahrimiz aholisining bolalar bog‘chalariga bo‘lgan ehtiyoji 57 foizga qondirib kelingan bo‘lsa, 28, 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ishga tushirilishi bilan ushbu ko‘rsatkich 60 foizga yetkazildi. Qo‘qon shahrini 2020-2024 yillarda ijtimoiy rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarning ijro etilishi shu yili ushbu ko‘rsatkichni 93-94 foizga yetkazish imkonini beradi.

 

 

28-DMTTning tantanali ochilish marosimida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov boshchiligida shahrimiz faollari ishtirok etdilar. Marufjon Usmonov barchani yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushgani bilan qutlar ekan, tarbiyaning negizi bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini zamon talablari darajasida eng yuqori saviyada tashkil etish, zarur anjomlar, malakali kadrlar bilan ta’minlash eng ustuvor vazifalarimizdan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

 

 

“Hukumatimiz tomonidan ta’lim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan e’tiborni Prezidentimizning Al-Xorazmiy nomidagi maktabga tashrifi chog‘ida bildirgan g‘oyalari, Shavkat Miromonovich Mirziyoevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomalarida belgilab berilgan vazifalar misolida ko‘rishimiz mumkin,” dedi shahar hokimi.

 

 

Bugun ishga tushirilgan 420 o‘rinli 28-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini mukammal ta’mirlash ishlariga mamlakatimiz byudjetidan Investisiya dasturi doirasida 6 milliard 612 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ta’mirlash ishlari “Baraka Fayz” MChJ tomonidan olib borildi.

 

 

 

Shahar hokimi yangi bog‘chada bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, maktabgacha ta’lim jarayonini tashkil etish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi. Marufjon Usmonov bog‘cha tarbiyalanuvchilari tomonidan namoyish etilgan badiiy dasturni tomosha qildi. Guruhlarni ko‘zdan kechirib, bolalar bilan savol-javob qildi.

 

 

 

350 o‘rinli 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini mukammal ta’mirlash ishlariga mamlakatimiz byudjetidan Investisiya dasturi doirasida 5 milliard 231 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bog‘chaning ochilish marosimida shahar hokimi Marufjon Usmonov ta’mirlash ishlarini sifatli qilib bajargan “To‘laboy yog‘dusi ” MChJ rahbari Orifxon Jo‘raevga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

 

 

 

“Oilalarning mustahkamligi va farovonligiga erishish uchun xotin-qizlarning bandligini ta’minlash nuqtai nazaridan bog‘chalar bilan to‘liq ta’minlagan hududlar sonini ko‘paytirish va pirovard maqsadda shahrimiz aholisining bog‘chalarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish muhim ahamiyatga ega,” dedi shahar hokimi.

 

 

 

 

 

 

 

Marufjon Usmonov bog‘chada bolalar uchun yaratilgan sharoitlar; guruhlar, oshxona, sport inshootlari, milliy uslubda qurilgan bolalar maydonchasi bilan tanishdi.

 

 

 

Shahar hokimi bog‘cha bilan tanishish asnosida ko‘rgazmali namoyishda ishtirok etgan taekvondo bo‘yicha saralash musobaqasi g‘olibi, Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 11-DMTT tarbiyalanuvchisi Muhammadyusuf Murodov bilan ham suhbatda bo‘ldi. Yosh sportchiga kelgusi musobaqalarda muvaffaqiyatlar tiladi.