Thu. May 23rd, 2024

1-sektor rahbari, Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov 28-Achiqko‘l mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududdagi fuqarolarning muammolarini bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini belgilab berdi.

“Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi ustuvor yo‘nalishimiz bo‘lishi lozim,” dedi sektor rahbari. Kambag‘allikka barham berish, bunga bir martalik ijtimoiy yordam berish bilan emas, balki fuqarolarga ilm berish, ularni hunarga o‘rgatish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish orqali ijtimoiy farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ko‘p yillik tajribalar shuni ko‘rsatdiki, bir martalik moddiy yordam (bir necha bor berilsa ham) fuqarolarning ijtimoiy darajasini o‘zgartirmaydi. Mablag‘ kundalik ehtiyojlarga sarflab yuboriladi. Hunar o‘rgatish, kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlikni tashkil etish esa doimiy daromad manbai paydo bo‘lishiga va fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

Shu bilan bir qatorda, sektor ishchi guruhlariga ishchi migrantlar bilan ham profilaktik tadbirlar olib borish, ularni sog‘lomlashtirish va iloj qadar shahrimizda ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rish borasida ko‘rsatmalar berildi.

Aholi bilan yoshlar tarbiyasiga ko‘proq e’tibor qaratish, farzandlar tarbiyasi uchun ota-onalar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. Shuningdek, sektor hududida bo‘sh turgan yerlardan samarali foydalanish, yer hamda mol-mulk solig‘i yig‘imlarini samarali tashkil etish orqali mahalla byudjetiga qo‘shimcha daromad orttirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sektor rahbari deputatlarni ham aholi muammolarini o‘rganish va hal qilishda faol bo‘lishga chaqirdi.