“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida, “Chet tillarini o‘qitishda innovasion yondashuv” mavzusida o‘tkazilgan treningning ochilish marosimida Qo‘qon universiteti rektori Sherzod Mustafakulov bugungi kunda ingliz tili fan-texnika, ayniqsa ta’lim, ilm tili ekanligi, dunyoda foydalanish darajasiga ko‘ra ikkinchi o‘rindaligi, bu tilda so‘zlashuvchilar soni 1,5 milliardga yetgani, o‘quvchi-yoshlar, bo‘lajak talabalarga bu tilni maktabda puxta o‘rgatishning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
Qo‘qon universiteti bu borada shahardagi 42 ta umumta’lim maktabi bilan integratsiyaga tayyor ekanligi, umumta’lim maktablarining ingliz tili o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan seminar-treningda bu tilni o‘qitishning Irlandiya tajribasi, darslarni tashkil etishda innovatsion vositalardan foydalanish yuzasidan kerakli ko‘nikmalar berilishini ma’lum qildi.
Shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Dehqonov ham seminar-treningning ochilishida ishtirok etib, Qo‘qon shahar maktablaridagi ta’lim sifatini tubdan oshirish, shaharning ilm-fan, ma’naviyat o‘chog‘i sifatidagi mavqeini yuksaltirish borasidagi rejalar xususida to‘xtaldi. Barcha o‘qituvchilarni seminar-treninglarda olgan ko‘nikmalari asosida bor mahoratlari bilan ta’lim berish, maktablarda to‘garaklar faoliyatini jonlantirish, o‘quvchilar o‘rtasida maktablararo tanlovlar o‘tkazish borasida faollikka chorladi.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilariga universitet spikerlari tomonidan akademik IELTS testiga intensiv-individual tayyorlanish, ingliz tili darslarini tashkil etishda innovasion onlayn vositalardan foydalanish, amaliy mashg‘ulotlarni o‘yinlar orqali zamonaviy o‘tkazish bo‘yicha interfaol asosda trening o‘tkazildi.
Seminar-trening 17-18 dekabr kunlari ham davom etadi.