Mon. May 20th, 2024

Havo haroratining pasayib borishi turli ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish maqsadida isitish jihozlarining sozligini bir qator ko‘rikdan o‘tkazishni taqozo etadi. Ma’lumki, tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin kabi yoqilg‘i mahsulotlarining yonishi natijasida inson hayoti uchun xavfli tutunlar hosil bo‘ladi. Tutunlarni olib chiqib ketadigan dudburonlarning sozligini tekshirish o‘zimiz va yaqinlarimizni ko‘ngilsiz voqealardan asrash imkonini beradi.

Dudburonni tekshirish quyidagicha amalga oshiriladi:

Dudburon yaroqliligini uskunani ishga tushirmasdan oldin ip, yengil qog‘oz (salfetka) bo‘lagini uskuna yondirgichi ostidagi va alangani ko‘rish tirqishlariga olib boriladi. Agar havo oqimi ichkariga ip yoki qog‘ozni tortsa, dudburon tortishi qoniqarli holatda bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, dudburon tortishi qoniqarsiz hisoblanib, uskunani ishga tushirish qat’iyan taqiqlanadi va darhol mutaxassisga murojaat qilish talab etiladi.

Agar uskuna ishga tushirilgan bo‘lsa, gugurt alangasini uskunaning yondirgichi ostidagi va alangani ko‘rish tirqishlariga olib boriladi. Agar alanga ichkariga qarab tortilsa, dudburon tortishi qoniqarli bo‘ladi. Aksincha alanga tashqari tomonga harakat qilsa, dudburonda nosozlik yoki havo o‘tkazmaydigan qandaydir to‘siq mavjud. Bu holatda darhol gaz uskunasini jumrakdan o‘chirish va 104 telefon raqami orqali bog‘lanib, mutaxassis chaqirish kerak. Mutaxassis tomonidan nosozlik bartaraf etilib, dudburon tortishi qoniqarli holatga keltirilmasdan oldin gaz uskunasini ishga tushirish qat’iyan taqiqlanadi.

“Hududgaz Farg‘ona” GTF,
Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi,
Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Farg‘ona hududiy boshqarmasi ma’muriyatlari.