Hurmatli hamshaharlar!
Respublika bo‘yicha anomal sovuq harorat davom etayotganligi sababli quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan tabiiy gazni, birinchi navbatda, shahardagi ko‘p qavatli uylar, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Shu maqsadda ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi hamda shahardagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, shahardagi ortadigan talabni to‘liq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel’ yoqilg‘isi mahsulotlari qo‘shimcha miqdorlarda sotuvga chiqarildi.
Shu o‘rinda, alohida qayd etish kerakki, Qo‘qon shahrida har bir xonadonga yetarli hajmda tabiiy gaz yetkazib berish choralari ko‘rilayotgan bir paytda ayrim mahallalarda fuqarolarning gaz so‘rg‘ich nasoslaridan noqonuniy foydalanishi aholiga gaz bosimini bir me’yorda yetkazib berishga to‘sqinlik qilmoqda.
Aziz hamshaharlar!
Onaxonlar, otaxonlar, aka-uka, opa-singillar noqonuniy gaz so‘rg‘ichlari o‘rnatgan fuqarolarni noto‘g‘ri ishlardan qaytarishga, birovning haqqiga hiyonat qilmaslikka chaqiraman!
Ushbu holatlarni oldini olish yuzasidan keskin chora-tadbirlar olib boriladi va aniqlangan holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 101 –moddasiga asosan jazo choralari ko‘riladi.
Hurmatli hamshaharlar! Havo harorati keskin sovigan shu kunlarda imkon qadar jamoat transportlaridan foydalanishingizni, zarurat bo‘lmaganda, uyda qolishingizni hamda xonadoningizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanishingizni iltimos qilamiz.
Tabiatni anomal sovug‘idan talofatsiz chiqish uchun barchamiz uyushqoqlik bilan birlashib xamjixatlikda ish olib borishimiz zarur.
Shu o‘tkinchi va sinovli kunlarda barchamiz hamjihatlikda, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarimizdagi yolg‘iz-keksa ko‘shnilar, ko‘p bolalik oilalar, farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan onalardan xabar olishimiz nogironlarga e’tibor ko‘rsatishimiz lozim.
O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazining bergan ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatimiz hududida ob-havoning keskin sovushiga sabab bo‘lgan antisiklon 14-15 yanvar’ kunlari mamlakatimiz hududidan chiqib ketadi va ob-havoning barqarorlashishi kutilmoqda.
Mazkur holatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarni bartraf etish maqsadida Qo‘qon shahrida tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan maxsus shtab o‘z ishini olib boradi.
Aziz hamshaharlar! Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.