Blogger Komil Axmedov tomonidan “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlar bo‘yicha feysbuk tarmog‘ida qilingan murojaati yuzasidan Qo‘qon shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi inspektori Akmal Holmirzaev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qo‘qon shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘qon shahrida “Yashil makon” loyihasi doirasida 1 milliondan ziyod ko‘p yillik, manzarali, mevali daraxtlar ko‘chatlari ekilgan. Loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash uchun mas’ullar belgilangan. Ayrim hududlarda tadbirkorlar tomonidan, homiylik asosida keltirib ekilgan ko‘chatlar, holatiga ko‘ra, o‘nib chiqish ehtimoli 50% bo‘lsa ham ekilgan, lekin parvarish etilishiga qaramasdan ko‘karmagan. O‘rda tagi ko‘chasi va boshqa hududlardagi ko‘karmagan ko‘chatlar olinib, o‘rniga yangi ko‘chatlar ekilmoqda.