Thu. Mar 28th, 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 11 avgustdagi PF-6277-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yilda № 654 sonli Qarori qabul qilingan.

Oila a’zolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadning hisob-kitobi, oila a’zosi nomida mavjud bo‘lgan ko‘chmas mol-mulki va avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlari ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar «Yagona reestr» AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda jamlanadi va hisob-kitob qilinadi. Oilani kam ta’minlangan oila deb e’tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish «Yagona reestr» AT orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Quyidagi holatlar mavjud bo‘lganda, oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:

Bir oylik o‘rtacha jami daromad belgilangan mezondan oshganda; Jami bittadan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda; ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, yengil avtotransport vositasi; ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi; jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi; Tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida ariza berilgan oyda amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganda;  ariza berilgan oyda bozor qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lganda; O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari yoki ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i va bolalari), shuningdek, pensionerlari tomonidan arizalar taqdim etilganda; Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sud’yalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan pensiyalar bilan ta’minlanganda; Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi va uning oila a’zosi tomonidan takroriy ariza taqdim etilganda. Oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda; Oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etilgan hollarda; Rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda.

Ushbu qoida quyidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi:

«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobda turgan shaxslarga; bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarish qililayotgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga); ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (ta’limning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno); ishlamaydigan pensionerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha shaxslarga; amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a’zolariga; 18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan, shu jumladan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarning onalariga (onasi bo‘lmagan holda otasiga), oila a’zosi hisoblangan I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarni parvarish qilayotganlarga; chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolariga; oilaning «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida oilaviy tadbirkorlikda band bo‘lgan, biroq ushbu dastur bo‘yicha mikrokredit olingan sanadan boshlab ko‘pi bilan 12 oy band bo‘lgan a’zolariga; sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lganligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan a’zolariga; oilaning chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan a’zolariga; bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga; rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi bir yil mobaynida «Temir daftar» ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga;tuman (shahar) aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga ish qidiruvchi sifatida rasmiy murojaat qilgan yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan, ushbu markaz tomonidan kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarga; to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi mavjud bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosiga nisbatan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining «Yagona reestr» AT tomonidan elektron so‘rov yuborilgan kunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan (to‘liq) miqdorda ijtimoiy soliq to‘langanda hisobga olinadi.

Bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar (otalar) hamda nikohi bekor qilingan ayollar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimidan olingan elektron ma’lumotlarga asosan aniqlashtiriladi.

Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oygacha bo‘lgan oxirgi uch oyi uchun hisoblab chiqilgan barcha oila a’zolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga va uchga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadni aniqlashda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan bir oylik summasining o‘n baravari miqdoriga teng bo‘lgan, biroq mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning daromadlari miqdorini aniqlashda daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.

Agar elektron axborot almashinuvi orqali olingan ma’lumotlarda chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyat turini amalga oshiruvchi oila a’zolaridan pul o‘tkazmalari miqdori aniqlanmasa, u holda oilaning bir oylik o‘rtacha jami daromadini aniqlash uchun oilaning chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zosiga daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.

Ушбу бандда кўрсатилган оила аъзоси (аъзолари) нинг бир ойлик ўртача норматив даромади оиланинг ўртача ойлик даромадини аниқлаш учун уч ойга кўпайтирилган ҳолда ҳисоб-китоб қилинади.

Ўзб.Рес. ВМ 21.10.2021 йилдаги                                                   Қўқон шахар БТПЖ бўлим

№ 654-сонли Қарори билан тасдиқланган.                                  Бошлиғи М.Гуламов