Thu. May 23rd, 2024

Shu yilning 22 yanvar’ kuni Qo‘qon shahar hokimi Vroslav Oliy bank maktabi instituti rahbariyatining taklifiga binoan Pol’shaning Vroslav shahriga yetib keldi.
Vroslav Oliy Bank maktabi rektori Jasek Mersik Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov bilan

Institut rektori Jasek Mersik (Jacek Mercik) tomonidan iliq kutib olingan Marufjon Usmonov o‘quv xonalari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va institutning yangi qurilayotgan binosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Vroslav shahrida institut rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida Qo‘qon shahar hokimi o‘quv dargohi ta’lim dasturi bilan yaqindan tanishtirildi. O‘tkazilgan muzokaralar davomida Qo‘qon shahrida institut filialini tashkil etish yuzasidan so‘nggi kelishuvlarga erishildi. Uchrashuvda shahar hokimiga ushbu loyihaga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan kompaniya vakili ham hamroxlik qildi.

Qo‘qonda yangi oliy o‘quv dargohining ochilishi shahrimizda ko‘plab tarmoqlarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Mavjud va yangi sanoat korxonalari uchun malakali kadrlar yetkazib berish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish imkoni bilan bir qatorda talabalarga xizmat ko‘rsatadigan sohalarda (ovqatlanish, yotoqxona kampuslar, transport) yangi biznes sub’ektlarini tashkil etish uchun sharoit yaratiladi.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra Vroslav Oliy Bank maktabi instituti rektori Jasek Mersik Qo‘qon shahrida institut filialini ochilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Qo‘qon shahrida Pol’shadagi Vroslav Oliy Bank maktabi instituti filiali ochilishi rejalashtirilayotganini oldingi xabarlarimizda ma’lum qilgan edik.

2019 yilning may oyida ushbu mavzudagi memorandum institut vise-kansleri Barbara Shepannik va shahar hokimi Marufjon Usmonov tomonidan imzolangan edi.