Sun. May 19th, 2024

Bugun – 22 dekabr’ kuni bo‘lib o‘tayotgan saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilmoqda. Bu yilgi saylovlarda Qo‘qon shahrida 147 856 nafar saylovchi ovoz berishi kutilmoqda.

Bugun erta tongdanoq barcha saylov uchastkalarimiz bayramona kayfiyat bilan o‘z kelajagini belgilash uchun kelgan hamshaharlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. Hamshaharlarimizdan birinchilardan bo‘lib Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov ham ovoz berishda ishtirok etdi.

Ayni paytda Qo‘qon shahrida 251 700 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Saylovchilarning umumiy soni 147 856 nafarni tashkil etadi. E’tiborlisi, bu yil 18 yoshga kirib, saylovlarda ilk bor ishtirok etuvchi yigit-qizlarimiz 3983 nafardan iboratdir.

Saylovda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlarning ham o‘z nomzodlari uchun ovoz berishga katta mas’uliyat bilan qaragani sezilib turdi. Mamlakatimizning ertanggi kuni, baxtu istiqbolini keyingi 5 yilga belgilab berishda aynan shu demokratik jarayon katta ta’sir o‘tkazishini yoshu qari – barcha qo‘qonliklar yaxshi anglagan xolda ko‘tarinki kayfiyatda o‘z nomzodlarini tanladilar.

Qo‘qon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 103-saylov okrugi joylashgan. Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 4 ta – ya’ni, 9-“Temiryo‘lchi”, 10-“Istiqlol”, 11-Uvaysiy va 12-Alisher Navoiy saylov uchastkalari mavjud. Xalq deputatlari shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 30 ta saylov okrugi tashkil etilgan bo‘lib, 70 ta saylov uchastkasi biriktirilgan. Saylov uchasikalarida 3 ta darajada saylovlar o‘tkazilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, viloyat va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalarining ham ishtirok etishi ularning ochiqlik, shaffoflik, demokratiya prinsiplariga mos ravishda o‘tishiga kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar kerakli shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, hamshaharlarimiz o‘zlari munosib deb bilgan saylovchilarga ovoz bermoqdalar.