Mudofaaga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti majlislar zalida shahrimiz bozorlari va ularning atrofidagi avtomobillar toʼxtash joylari vakillari, shahar hokimligi, DSENM, Yongʼin xavfsizligi boʼlimi mutasaddilari ishtirokida shahrimiz bozorlarida oʼtkazilgan monitoring natijalari muhokama etildi.
Tadbirda ishtirokchilarga monitoring vaqtida suratga olingan videolavhalar namoyish etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi. Xususan, bozorlar atrofidagi noqonuniy savdoga chek qoʼyish, bozorlardagi savdo doʼkonlarida sanitariya-epidemiologiya, yongʼin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish, savdo rastalarining xaridorlar harakatlanishiga halaqit bermasligini taʼminlash masalalari koʼrildi.
Bozorlarda sanitariya kunini dam olish kuni emas, balki bozor hududini tartibga keltirish, obodonlashtirish kuni sifatida oʼtkazish bozor mutasaddilariga uqtirildi. Oʼz savdo doʼkonlari oldini saranjom-sarishta qilmayotgan tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish, umumiy foydalanishdagi sanitariya tizimlarini, chiqindilar oʼz vaqtida tashib ketilishini taʼminlash doimiy nazorat qilib borilishi lozimligi taʼkidlab oʼtildi.