Thu. Mar 28th, 2024
Хоким ва ёшлар учрашуви

Shahar hokimligining Faollar zalida o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida shahar hokimi Marufjon Usmonov Prezidentimizning 2019 yil 27 dekabrda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlarimizga O‘zbekistonni ertangi kunini qurishda bildirgan ishonchlari va bu borada aytgan so‘zlarini yodga oldi. Shu bilan bir qatorda, Yurtboshimizning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomalarida ham yoshlar tarbiyasiga qaratilgan e’tibor hamda davlat dasturlari doirasida yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlarni ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvning asosiy qismida yoshlar o‘zlarining taklif va g‘oyalarini bildirish imkoniyatlariga ega bo‘ldilar. Xususan, shahrimiz xiyobonlarida sport maydonchalarini tashkil etish, ingliz tilini chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitish, Qo‘qonda “Islohotda 5 tashabbus” yoshlar forumini o‘tkazish, 11-sinf o‘quvchi yoshlari o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari hamda avtomobil’ boshqarishni o‘rganish maqsadida maktablarda to‘garaklar tashkil qilish, shahrimizda ekologik muhitni yaxshilash kabi 20 dan ortiq yangi taklif va g‘oyalar bildirildi.

Eng yaxshi g‘oya va takliflarni bildirigan yoshlarni shahar hokimi o‘zining esdalik sovg‘alari – kitoblar to‘plami bilan taqdirladi.

Ma’naviy-ma’rifiy sohada yoshlarning faolligini oshirish, ularni bilim olishga va hunar o‘rganishga jalb etish borasida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qo‘qon shahar Kengashi raisi Akbar Payg‘amovning ham fikr-mulohazalari tinglandi.

Uchrashuvda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, kredit olish, maktab kutubxonasini kitoblar bilan boyitish va ishga joylashish yuzasidan qilgan murojaatlarini hal etish yuzasidan urashuvda ishtirok etgan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Uchrashuvda shuningdek, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ma’naviyatini yuksaltirish va Prezidentimizning 5 ta tashabbuslari doirasida bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, uning ijrosi shahar hokimi tomonidan nazorat qilib borilishi belgilandi.