Fri. Apr 19th, 2024

Bugun Silk Avia aviakompaniyasining 1011 raqamli reysi Toshkent shahridan Qo‘qon aeroportiga yetib keldi. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov boshchiligida shahrimiz faollari, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari gulchambarlar bilan kutib oldilar.

Davlatimiz rahbarining turizm sohasini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari doirasida 20-yillik tanaffusdan so‘ng yangitdan barpo etilgan Qo‘qon aeroportidan bugun ilk hamshaharlarimiz Toshkent shahriga jo‘nab ketmoqdalar.

Qo‘qon aeroporti ishga tushmasdanoq bu yerda xizmat qilishga oshiqayotgan Qo‘qon shahri va atrof tumanlar aholisi, Qo‘qonlagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning katta qiziqishiga sabab bo‘layotgan edi.

Ayni paytda aeroport infrastrukturasini yaratish ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda. Aeroportga olib keluvchi 800 metr uzunlikdagi yo‘l barpo etilmoqda, yo‘l chetiga beton bordyur va ariqlar, 25 ta tunggi yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda.

Yo‘l atrofidagi gulzorlarga ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun yangi barpo eilgan suv havzasidan irrigatsiya tarmoqlari tortib kelinmoqda. Tez orada avtomobillar to‘xtash joyi qurilishi ham nihoyasiga yetkaziladi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida aeroportga avtobus qatnovi ham yo‘lga qo‘yildi.

Shak-shubhasiz rekord vaqt ichida barpo etilgan Qo‘qon aeroporti Qo‘qonliklar yodida mamlakatimizda inson farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlarini namoyon etuvchi inshoot sifatida esda qoladi va ko‘p yillar savdo-sotiq, turizm va transport xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.