Tue. Apr 23rd, 2024

Qo‘qon shahar hokimining vakolatlari

Qo‘qon shahar hokimi qonunlarning hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining, yuqori turuvchi organlar va xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi qarorlarining ijrosini tashkil etadi;

jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘radi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda tegishli ishlarni tashkil etadi;

shahar byudjetidan hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga byudjet so‘rovini tuzish uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi; shaharni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, shahar mahalliy byudjetining, shahar byudjetining tegishli loyihasini, shuningdek uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashiga taqdim etadi;

xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashiga shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi;

hokim o‘rinbosarlari va ijroiya hokimiyati struktura bo‘linmalarining rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi qarorlarni xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi tasdig‘iga taqdim etadi;

hokimlik devoni bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi; rahbarlari xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijroiya hokimiyati struktura bo‘linmalarining ishini nazorat qiladi;

xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi va hokim qabul qilgan va chiqargan hujjatlarni bajarmaganliklari uchun mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda taqdimnoma kiritadi; davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir iltimosnomalarni qarab chiqadi va takliflar kiritadi;

respublika va xorijda Qo‘qon shahrining rasmiy vakili sifatida ish ko‘radi;

qonun hujjatlarida belgilanadigan alohida soliqlar bo‘yicha belgilangan stavkalarga shaharning xususiyatlarini inobatga olgan holda pasaytiruvchi va oshib boruvchi koeffisientlarni kiritadi; aholini qabul qilishni tashkil etadi, fuqarolarning shikoyatlari, arizalari va takliflarini qo‘rib chiqadi;

Uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilar kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lashga doir talablarni qo‘pol ravishda buzgan hollarda Qo‘qon shahar hokimi kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risida kommunal xizmat ko‘rsatuvchilar yoki uy-joy mulkdorlari shirkatlarining taqdimnomasiga muvofiq da’volar bilan sudga murojaat qiladi.

Qo‘qon shahar hokimi rejalashtirish, byudjet, moliya, hisob-kitob, shahar mulkini boshqarish, mulkchilikning turli shakliga mansub korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan hamjihatlik qilish, qishloq xo‘jaligi, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yo‘l xo‘jaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat ko‘rsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylik, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlarida o‘z vakolatiga berilgan boshqa masalalarni ham hal etadi. Asos: O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuni, 25-modda.