Ko‘rgazmalarga tovarlar olib chiqish soddalashtirildi

5 ming dollargacha qiymatga ega bo‘lgan, ko‘rgazmaga mo‘ljallangan tovarlarni bemalol olib chiqish mumkin. Endi buning uchun eksport kontraktini tuzish va bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish shart emas. Tovarlarga tegishli hujjatlar bo‘lsa, bas.

Bu tovarlarni sotgach, tadbirkorlar mablag‘ni O‘zbekistondagi tijorat banklaridagi hisobraqamlariga o‘tkazishlari yoki naqd holda olib kirishlari mumkin.

Gaz va elektr uchun yangi tariflar

1-yanvardan ba’zi korxonalar gaz va elektr uchun ko‘proq to‘lay boshladi.

Ularga quyidagilar kiradi:

– pishiq g‘isht, sement, asfalt ishlab chiqaruvchilar;

– ohak va gips qazib chiqarish, qayta ishlash va ishlab chiqarish korxonalari;

– beton va temir-beton buyumlar ishlab chiqaruvchilar;

– issiqxona xo‘jaliklari;

– chinni va fayans buyumlar ishlab chiqaruvchilar;

– restoranlar, kafe, banket zallari (mehmonxona qoshidagilar bundan mustasno);

– gipsokarton, trotuar va sopol plitkalar, bruschatkalar, sopol va sement-qum cherepitsa, quruq qurilish aralashmalari va quvur ishlab chiqaruvchilar.

Ular uchun tabiiy gaz 1 kub metr uchun 1 ming so‘mga aylanadi. Elektr energiyasi kunning turli vaqti uchun turlicha baholanadi. Ertalab va kechqurun – belgilangan tarifga 1,5 barobar koeffitsiyentda, tunda – 1,5 barobar kam koffitsiyentda, kunduzi – 1,6 koeffitsiyentda.

Xususiy korxonalar texnik ko‘rik o‘tkazadi

1-yanvardan, transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda yuridik shaxslar jismoniy shaxslarga tegishli yengil mashinalar texnik holatini ko‘rikdan o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi.

Qora metallarni faqat birja orqali sotish mumkin bo‘ldi

Endilikda “O‘zmetkombinat” AJ qora metallarni faqat birja savdosi orqali yetkazib beradi. Korxonalardagi bankrotlik, faoliyat tugatilishi, rekonstruksiya va modernizatsiya jarayonida ro‘yxatdan chiqariladigan jismonan va ma’nan eskirgan jihozlar va metall konstruksiyalarni endi “O‘zmetkombinat”ga shartnoma narxlarida sotish lozim bo‘ladi.

Birjada sotib olingan tovarlarni sotish mumkin

Yana bir qarorda monopolist-korxonalar ichki bozorda neft mahsulotlari, sement, mis, paxta tolasi va boshqa yuqori likvidli mahsulotlar, xom ashyo va materiallarni faqat birja savdolari orqali sotishi belgilandi.

Hujjatda, shuningdek, birja savdolarida sotib olingan mahsulotni boshqaga sotishga ruxsat berildi.

Zargarlarga imtiyoz berildi

1-yanvardan chakana savdoga chiqarilgan zargarlik buyumlari uchun aksiz solig‘i bekor qilindi. 2020-yilgacha zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar zargarlik buyumlar sotilishida, jumladan eksport qilishda, aksiz solig‘i va qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etildi, tejab qolingan mablag‘larni ishlab chiqarishni qayta tiklash va modernizatsiyalashga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2021-yilga qadar “O‘zbekzargarsanoati” assotsiatsiyasiga kiruvchi zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar O‘zbekistonda tayyorlanmaydigan jihozlar, xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar olib kirishda bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari)dan ozod qilinadi.

Endilikda zargarlik buyumlarini tayyorlash uchun litsenziya talab qilinadi

Davlat proba palatasi beradigan ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma endi amal qilmaydi. Uning o‘rniga 2017-yil 1-oktabrdan yuridik shaxslar va XT zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga litsenziya oladi.

Litsenziyalar faqat “Yagona darcha” markazlari yoki YaIDXP orqali beriladi.

Davlat bilan sheriklikda maktablar va bolalar bog‘chalari ochish mumkin

1-yanvardan davlat-xususiy sheriklik shartlarida sinov bolalar bog‘chalari ochish mumkin. Investorlarga yer va bo‘sh binolar bepul beriladi.

Shuningdek, investorlar uchun soliq imtiyozlari va imtiyozli kreditlar yuzaga keldi. Lekin buning evaziga ular yangi bolalar bog‘chalarining aholi turli qatlami uchun hamyonbop bo‘lishini ta’minlashlari lozim.

Yangicha soliq nazorati

1-yanvardan soliq nazoratining yangi shakli paydo bo‘ldi – soliq monitoringi. Shuningdek, yil boshidan kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan soliq summasini, agar soliq to‘lovchi asoslar taqdim etmasa, sud tartibida undirish joriy etildi, ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish yoki qayta hisoblash 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Davlat soliq xizmati idoralari kirim hujjatlarini rasmiylashtirmay xizmatlar sotayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisobraqamlari bo‘yicha amaliyotlarni 5 bank ish kunigacha vaqtinchalik to‘xtatib turishlari mumkin.

Savdo nuqtalarida soliq idoralariga hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotni darhol yetkazuvchi nazorat-kassa mashinalari o‘rnatiladi.

Soliq tekshiruvlari obyektlarini samarali tanlash, shuningdek soliq idoralari tomonidan yuqori likvidli mahsulot ishlab chiqarilishi amaldagi hajmini doimiy hisobga va nazoratga olish uchun soliq sohasidagi qonunbuzarliklarni amalga oshirish xatarini tahlil etishning maxsus avtomatlashtirilgan tizimi tatbiq etiladi.

Yil davomida kutilayotgan o‘zgarishlar:

Paxtani bevosita xarid qilish

Joriy yilda to‘qimachilik korxonalari paxtani bevosita fermer xo‘jaliklaridan xarid qiladilar. Bundan tashqari, to‘qimachilik kompaniyalari fermerlarning paxta yetishtirish bo‘yicha asosiy xarajatlarini moliyalashtiradi. Buning uchun ular to‘lovning 60 foizini oldindan amalga oshiradi.

Samarasiz fermerlar uchun jazo

2018-yil hosilidan boshlab, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yerlari egalariga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Alohida holatlarda hokimiyat yer uchastkasiga bo‘lgan huquqdan mahrum etish vakolatiga ega. Xususan, yer maydonlaridan samarasiz foydalanish, ularga qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmaslik va yerga vaqtida ishlov bermaslik sabab bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiy zonalar uchun yangi sayt

Birinchi martgacha O‘zbekiston erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari yagona portali ishga tushadi. U mamlakatdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, investorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar, imtiyozlar, investitsiya kiritish afzalliklari, infratuzilma, geografik joylashuv, shuningdek zonalar hududlaridagi davlatga tegishli obyektlar to‘g‘risida bir necha tilda axborot taqdim etadi.

Uning yordamida erkin iqtisodiy hamda kichik sanoat zonalari investorlari va ishtirokchilari zonalar ma’muriyatlari, davlat idoralar va boshqa tashkilotlar xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Xususiy bog‘chalar va maktablar uchun kamroq soliq

Xususiy maktablar va bog‘chalar 2021-yilga qadar har qanday turdagi soliqlar va xorijiy o‘qituvchilar ish haqlari bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovidan ozod etildi. Bu mablag‘larni ular zamonaviy ta’lim vositalariga, musraf materiallarga, inventarga, shuningdek ijtimoiy zaif aholi qatlamlari bolalarini bepul o‘qitishga sarflashlari lozim.

Tadbirkorlar uchun soliq ta’tillari

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan halol soliq to‘lovchilar ikki yillik soliq ta’tilini olishlari mumkin. Halol soliq to‘lovchilarga keyingi ikki yil davomida o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda soliq to‘lab kelgan soliq to‘lovchilar kiradi.

Yangi soliq stavkalari

– yuridik shaxslar uchun foyda solig‘i obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bilan birlashtirildi va 14% etib belgilandi;

– Pensiya jamg‘armasiga, Respublika yo‘l jamg‘armasiga va Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar yagona to‘lovga birlashtirildi. Majburiy ajratmalar stavkasi 3,2% etib belgilandi;

– tayyorlov tashkilotlari belgilangan stavka bo‘yicha tovar aylanmasidan yagona soliq to‘lovini to‘laydilar;

– umumiy maydoni 1 gektardan ziyod bo‘lgan yer uchastkalariga ega yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari uchun butun yer maydonidan yer solig‘i to‘lash joriy etildi. Shu bilan bir vaqtda, yagona soliq to‘lovi minimal hajmini hisobga olgan holda yagona soliq to‘lovini hisoblash va to‘lash bekor qilindi;

– notijorat tashkilotlariga, xodimlari sonidan qat’iy nazar, tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadlaridan mikrofirma va kichik korxonalar uchun ko‘zda tutilgan tartibda yagona soliq to‘lovi to‘lash huquqi taqdim etildi;

– uyali aloqa operatorlari uchun abonent raqamidan foydalanish to‘lovi ikki barobarga oshirildi – 4 ming so‘m bo‘ldi;

– 2023-yilga qadar xorijiy OTMlar barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalardan, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lov va xorijiy xodimlar mehnat haqi fondidan jismoniy shaxslar daromad soliqlaridan ozod etildi;

– yuk tashish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun, soliqqa tortish tizimidan qat’iy nazar, ular to‘laydigan soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar yalpi summasi, bir birlik transport vositasiga hisoblaganda, ushbu faoliyat turi bo‘yicha individual tadbirkor to‘laydigan qat’iy soliq summasidan kam bo‘lmasligi lozim.