Fri. Mar 29th, 2024

Qo‘qon musiqali drama teatri maydonida Yuksalish umummilliy harakati tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida ommaviy aksiya bo‘lib o‘tdi. Aksiyada harakat faollari, barcha partiyalar vakillari, saylovchilar, Qo‘qon universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti va boshqa ta’lim muassasalari o‘qituvchi hamda talabalari ishtirok etdilar.

Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov aksiya ishtirokchilarini 22 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari uchun saylovlarda faol ishtirok etish, munosib nomzodlarga ovoz berishga chorladi.

Aksiyada saylovchilar uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar berildi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasining Saylov Kodeksi mazmun-mohiyati, yurtimizda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilganining qulayliklari, “Bir saylovchi – bir ovoz” prinsipini to‘liq va bexato amalga oshirishga ahamiyat qaratish, muddatidan oldin ovoz berish tartiblari haqida so‘z bordi.

“Sizning ovozingiz – Vatanimiz kelajagi uchun muhim!” mavzusidagi ushbu milliy aksiya davomida saylovchilar ayniqsa 18 yoshga kirgan, saylovda ilk bor qatnashadigan yoshlarning yurtimiz kelajagini belgilovchi muhim siyosiy tadbirga oid huquqiy dunyoqarashlari kengaytirildi. Aksiya ishtirokchilari uchun konsert va badiiy dastur ham namoyish qilindi.