Thu. Mar 28th, 2024

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari malaka oshirish o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda Xalq so‘zi online.

O‘quv-seminarida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov ham ishtirok etmoqda. 10 kunlik mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” asosida “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish”, “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish”, “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish”, “Qishloq va suv xo‘jaligi hamda chorvachilikni rivojlantirish”, “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” va “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish” kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.

O‘quv-seminari davomida ishtirokchilar respublikamizning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarining hududlar bo‘yicha tahlili va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalari asosida mavjud muammolar, ularning amaliy yechimlaridan iborat bo‘lgan ma’lumotlar hamda Toshkent shahri va viloyatida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishadilar.

O‘quv mashg‘ulotlar mamlakatimizning har bir sohasidagi yetuk mutaxassislari, vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlaridan tarkib topgan jami 91 nafar ma’ruzachilar tomonidan 40 ta mavzu doirasida 108 ta yo‘nalishda olib boriladi.