Thu. Apr 25th, 2024

Qo‘qon shahar hokimligi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida shu yilning 18-oktyabr’ kuni beysbol bitasi, nunchak kabi sovuq qurollar bilan qurollanib, Sarboz ko‘chasida o‘zaro janjallashish niyatida bo‘lgan paytda jinoiy qidiruv bo‘limi hodimlari tomonidan ichki ishlar idorasiga keltirilgan 18 nafar voyaga yetmagan yoshlarning masalasi ko‘rib chiqildi.

Komissiya raisi, Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda, komissiya kotibi Baxtiyorjon Ismoilov, shahar IIO FMB Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasini tashkil etish guruhi katta inspektori, mayor Dilshodjon Ergashev, shahar Imom-hatibi Abdumajid Qori Isaqov, huquqbuzarlik sodir etgan yoshlar, ularning ota-onalari, mahallalari raislari, uchastka nozirlari, ular ta’lim olayotgan maktablar direktorlari, psixologlari va sinf rahbarlari ishtirok etdilar.

Komissiya raisi, Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov sodir etilgan huqubuzarlik tafsilotlarini o‘rganib chiqib, ichki ishlar idoralari hodimlarining tezkor harkatlari natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan og‘ir jinoyatning oldi olinganini ta’kidlab o‘tdi. Voyaga yetmaganlarning oila a’zolari, mahallalalari raislari, maktablari direktorlari, sinf rahbarlari bilan suhbatlashib, ularning xulqi, davomati va bilimlarni o‘zlashtirishi bilan qiziqdi. Huqubuzarlik sodir etgan yoshlar, ichki ishlar xodimlaridan voqea tafsilotlarini surishtirdi.

Ko‘rilgan ish bo‘yicha komissiya qarori bilan huqubuzarlik sodir etgan yoshlar o‘qiydigan maktablarning direktorlari va sinf rahbarlari ta’lim-tarbiyada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan deb topildi. Shahar Xalq ta’limi bo‘limiga ularning faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish topshirildi.

Voyaga yetmaganlarning o‘z qilimishidan pushaymon bo‘lganlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy kodeksining 47-moddasiga asosan huqubuzarlik sodir etgan yoshlarning ota-onalari bazaviy xisoblash miqdorining 2 barobaridan 5 barobarigacha jarima to‘lashi belgilandi.

Komissiyada, shuningdek voyaga yetmagan fuqaro tomonidan o‘z o‘rtog‘iga tan jarohati yetkazishi bo‘yicha ham masala ko‘rib chiqilib, uning ota-onasiga qonunda belgilangan choralar ko‘rildi. Tan jarohati yetkazgan voyaga yetmagan yakkakurash sport to‘garagiga qatnashini hisobga olgan xolda, shahardagi barcha yakkakurash to‘garaklarini amaldagi qonun talablariga rioya etishlari yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilishi belgilandi.