Fri. Mar 29th, 2024

Shahrimizda qishki mavsumda aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, shahrimizga kirib keladigan tabiiy gaz bosimini barcha iste’molchilar o‘rtasida barobar taqsimlash maqsadida shahar hokimligi, kommunal idoralar, ichki ishlar, majburiy ijro byurosi va mahallalar faollari ishtirokida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Afsuski ayrim fuqarolarimiz amaldagi qonunchilikka, qo‘ni-qo‘shnichilik qoidalariga ko‘z yumib, xonadonlariga noqonuniy gaz tortish moslamalarini o‘rnatmoqdalar. Ushbu holatlar shahrimizning barcha mahallalarida muntazam o‘rta tabiiy gaz bosimini ta’minlash, kommunal muammolarni bartaraf etish maqsadida tuzilgan ishchi guruh vakillari tomonidan aniqlandi.

Xususan, tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida shahrimizning 1-Davronbek mahallasidagi Nafosat ko‘chasi, 25-Qipchoqariq mahallasidagi Naqshbandiy ko‘chasi, 30-Sadoqat mahallasidagi Ko‘rpabof ko‘chalarida yashovchi fuqarolar noqonuniy gaz tortish moslamalaridan foydalanyotgani aniqlandi.

65-Sunbula mahallasidagi Habibiy ko‘chasida esa hech qanday hujjatlarsiz gaz tarmog‘iga ulanib, noqonuniy gaz tortish moslamasidan foydalanayotgan novvoyxona ham aniqlandi. Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar tuzilib, jarimalar belgilandi, xonadonlar gaz tarmog‘idan uzildi.

Shu bilan bir qatorda shahrimiz bozorlarida noqonuniy gaz tortish moslamalarini sotib, daromad orttirayotgan fuqarolarni aniqlash, moslamalar sotilishiga chek qo‘yish maqsadida ham qator tadbirlar tashkil etildi. Qo‘qon savdo kompleksida bozor ma’muriyati bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida 100 dan ortiq noqonuniy moslamalar savdosiga chek qo‘yildi.

Qo‘shningiz sovuq qotib o‘tirganda noqonuniy gaz tortish uskunasini ulab, tabiiy gazdan foydalanish insoniylikka, milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydi, albatta. Muqaddas dinimizda ham umumiy mulkdan foydalanish tartiblari aniq ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, o‘zgalar mulkiga ko‘z tikish gunoh ekanligi belgilangan.
Aziz hamshaharlar, umumiy mulkimiz hisoblangan tabiiy gazdan oqilona foydalaning, noqonuniy gaz moslamalaridan foydalanib, o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini xavf ostiga qo‘ymang!