Fri. Mar 29th, 2024

14 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni nishonlanadi. Ushbu muhim sana munosabati bilan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Milliy gvardiya Qo‘qon harbiy qismida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, huquq-tartibot idoralari vakillari, Yoshlar ittifoqi shahar Kengashi faollari, harbiy guruhlar tarbiyalanuvchilari harbiy qismdagi shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Marufjon Usmonov Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli ichki tahdidlardan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilish, shuningdek Milliy gvardiyaning vakolatiga kiritilgan davlat ahamiyatidagi maxsus vazifalarni bajarish bo‘yicha turli vazifalarni ado etayotganini ta’kidlab o‘tdi. “Bugun Qurolli Kuchlarimiz milliy davlatchiligimiz va mustaqilligimizning muhim tarkibiy qismiga aylandi. Unda xizmat qilish amalda sharafli va nufuzli ishga aylanmoqda. Zamonaviy armiya yoshlarga nafaqat harbiy professional bilim va mahorat beradi, balki ularni fan va amaliyotning ilg‘or yutuqlari, eng zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan tanishtiradi, zamonaviy hayot tarziga o‘rgatadi hamda hayot yo‘lini tanlash uchun keng imkoniyatlar ochadi”, dedi Marufjon Usmonov.

Tadbirda eng so‘nggi harbiy texnikalar harbiy kiyimlar namoyish etildi, milliy gvardiyachilarning harbiy salohiyatlari aks etgan ko‘rgazmali chiqishlar tomosha qilindi. Yoshlarning favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish borasidagi tushunchalari boyitildi. Shuningdek, kitoblar yarmarkasi ham o‘tkazildi.