Wed. Apr 24th, 2024

Sessiyada Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi deputatlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, hokimlik bo‘limlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Shahar hokimi 1-o‘rinbosari Oybek Mamajonovning kun tartibidagi masala – 2019 yil yakuni va Qo‘qon shahrining 2020 yilga mo‘ljallangan mahalliy byudjet loyihasi xususidagi hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, yil yakunlari bo‘yicha sanoat mahsulotlari hajmi yil boshidan prognoz qilingan 107.4 foiz o‘rniga 108.4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Yil davomida tushirilgan qo‘shimcha daromadlar 6 mlrd. 590 mln. so‘m bo‘lib, quyidagi yo‘nalishlarga sarflangan: joriy yilda, shahar markaziy ko‘chalari va ichki yo‘llarni ta’mirlash xarajatlari uchun 4.0 mlrd so‘m, maktabgacha ta’lim muassasalarini joriy ta’mirlashga 250.0 mln. so‘m, shahardagi kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan insonlarning uy-joylarini ta’mirlash ishlariga 82.8 mln. so‘m, Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali tadbiri bilan bog‘liq xarajatlar uchun 1.8 mlrd so‘m va boshqa tadbirlar hamda xarajatlarga 457.0 mln. so‘m yo‘naltirildi.

Sessiyada byudjet-soliq siyosati bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda 2020 yil uchun mahalliy byudjet daromadlari 139.8 mlrd. so‘m bo‘lishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Mahalliy byudjetning jami harajatlari 207 mlrd. 666 mln. 668 ming so‘m miqdorida bo‘lishi kutilyapti. Uning 71,5 foizini yoki 148 mlrd. 388 mln. so‘mini ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar tashkil etadi.

Shahar hokimining 1-o‘rinbosari tomonidan Qo‘qon shahar mahalliy byudjeti xarajatlari sohalar kesimida tahlil qilib berildi.

Muzokaralardan so‘ng 2020 yil uchun mahalliy byudjet loyihasi deputatlar tomonidan tasdiqlandi. Sessiyada ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.