Fri. Mar 29th, 2024

Shahrimizdagi maktab-internatlar ko‘plab imkoniyati cheklangan bolalar va o‘smirlar uchun ham oila, ham maktab, shuningdek maktabdan tashqari ta’lim-tarbiya o‘chog‘i vazifasini o‘taydi. Xususan, 5-maktab-internatda 240 nafar o‘quvchilar yashab, tarbiyalanadilar, o‘qiydilar. (Bolalarning bir qismi yakshanba va ta’tillarni o‘z uylarida o‘tkazishadi). Bu maktab-internatda ta’lim-tarbiya musiqa, jismoniy tarbiya bilan uzviy bog‘langan holda olib boriladi.

Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov bir guruh saxovatpesha rahbarlar bilan maktab-internat tarbiyalanuvchilari holidan xabar oldi. Shahar hokimi bolalar uchun nafaqat ustoz va tarbiyachi bo‘lgan, balki ota-ona o‘rnida ham g‘amxo‘rlik qilayotgan muassasa jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.

Bolajonlar tomonidan badiiy dastur namoyish etilib, qiziqish bilan tomosha qilindi. Tarbiyalanuvchilar surdolog-o‘qituvchilar, tarbiyachilar ko‘magida qo‘shiqlar mazmunini o‘z xatti-harakatlari orqali ifodaladilar, raqslarga tushib, quvonchga to‘ldilar.